1831-yilda Ichan Qal’aning sharqiy devori yonida kichkinagina ko‘l paydo bo‘ladi. Hukmdorning buyrug‘iga asosan uni ko‘mib tashlab o‘rniga katta savdo maydonini barpo etadilar.
Maydonda don, mevalar, sovun va shamlar sotilardi. Shu yerning o‘zida sartaroshlar va mayda savdo uylari ishlardi, hamda qul bozori faoliyat yuritardi. O‘sha davrda qul savdosi juda ham daromadli ish hisoblanardi, shuning uchun odamlarni har yerdan o‘g‘irlashardi. Ba’zi qullarni Kavkaz tog‘laridan olib kelishardi.
Haram barpo etilganidan so‘ng Allaqulixon qal’a devorlari yaqinida ikki qavatli karvon saroy qurishni rejalashtirdi. Bu 1833-yil, Eron, Buxoro va ayniqsa Rossiya bilan qizg‘in savdo bo‘layotgan vaqtlar edi. Shu sababli u bu juda ham daromadli ish deb hisoblar edi.
Karvon saroy barpo etilganidan so‘ng yana bir savdo maydoni paydo bo‘ldi. Keyin esa Allaqulixonning buyrug‘i bilan ko‘p gumbazli tim - savdo rastalarini barpo etadilar. Karvon saroyning tashqi ko‘rinishi Buxorodagi Abdullaxon usti berk bozoriga o‘xshar edi. 1835-yilda uning yaqinida Allaqulixon madrasasini barpo etadilar. Bu esa keng maydonning tashqi ko‘rinishiga putur yetkazadi.
Xiva karvon saroyi xorijiy karvonlarni qabul qila olar edi. G‘arbiy va Sharqiy darvozalar to‘xtovsiz ishlar edi. Mollar (tovarlar) ortilgan tuyalar doimiy ravishda kelib ketar edi. Janubiy darvozadan ikki qavatli savdo uyiga kirilar edi. U 105 hujradan iborat savdo markazi edi.
Karvon saroyda yana davlat xizmatlari (devonxona) ham joylashgan edi. Amaldorlar molning sotilish narxini aniqlar edilar. Import, eksport va sotish uchun ruxsatnomalarga muxr bosilar va ruhsat berilar edi.Bu xizmatlar pullik bo‘lgani uchun katta daromad keltirgan. Ammo daromadning hammasi karvon saroy yaqinida joylashgan madrasa kutubxonasining ta’minotiga sarflanar edi. Shu yerning o‘zida sarroflar – pul almashtirib beruvchilar faoliyat yuritishgan.
Inshoot o‘z me’moriy ko‘rinishini saqlab qolgan. Hozirda u yerda zamonaviy “Karvon saroy” savdo markazi ishlamoqda.